Bolalar va katta yoshdagi pasientlarda gerpetik infeksiya
Gerpetik infeksiya – virusli kasalliklarning keng tarqalgan guruhi bo’lib, unda teri va shilliqlar shikastlanishi, markaziy nerv tizimiga va ichki a’zolarga salbiy ta’sir kuzatiladi. Biz ko’proq kundalik hayotda uchratadigan gerpes oddiy gerpes virusi (OGV) bilan chaqiriladi. Biroq, aslida, gerpesviruslar oilasi bir necha turlar bilan taqdim qilingan:
- oddiy gerpes viruslari (OGV, HSV-1, HSV-2) — 1 va 2-turdagi (labial va genital) gerpesviruslar;
- varisella-zoster virusi (VZV, VZV) — 3-turdagi (suvchechak va qamrab oluvchi gerpesni qo’zg’atuvchi) gerpesvirus;
- Epshteyn-Barr virusi (VEB, EBV) — 4-turdagi gerpesvirus;
- sitomegalovirus (SMV, CMV) — 5-turdagi gerpesvirus;
- 6-turdagi odam gerpes virusi (HHV-6) — bolalarda soxta qizilcha kasalligini va katta yoshdagi pasientlarda surunkali toliqish sindromini chaqiradi.
Yana 7 va 8-turi ajratib ko’rsatiladi, biroq ular ta’siri oxirigacha aniqlanmagan. Odam gerpes virusi-7 limfoproliferativ kasalliklar bilan bog’liqligi, odam gerpes virusi-8 esa Kaposhi sarkomasi bilan bog’liqligi taxmin qilinadi.
Agar oddiy gerpesning eng tez-tez uchraydigan shakliga qaytsak, ushbu infeksiya og’iz sohasini ham, genitaliy sohasini shikastlashi mumkin. 80% gacha OGV infeksiyalari simptomsiz yoki kuchsiz ifodalangan simptomlar bilan birga kechadi. Afsuski, dori preparatlari gerpes simptomlarining ifodalanish darajasini va zo’rayishlar sonini kamaytirishi mumkin, biroq infeksiyadan butunlay davolay olmaydi.
Ushbu maqolada Siz gerpesning qanday yuqishini, birinchi turdagi OGV (OGV-1) va ikkinchi turdagi OGV (OGV-2) o’rtasida qanday farq borligini bilib olasiz, shuningdek gerpesning asosiy belgilari va uni davolash to’g’risida batafsil axborot olasiz.
Gerpes qanday yuqadi?
Infeksiya yuqishi kasallikning simptomsiz kechishi yoki virusning simptomatik reaktivasiyasi vaqtida yuz beradi [1]. Oshxona idishlarini almashish, o’pishish orqali yoki bemor bilan biron-bir boshqa yaqin aloqa orqali labial gerpesni yuqtirib olish mumkin.
1 va 2-turdagi oddiy gerpes virusi o’rtasida qanday farq bor?
Oddiy gerpes virusining ikki turi mavjud. OGV-1 – aksariyat holatlarda lab sohasida va og’iz sohasida qavariqlar paydo bo’lishi bilan birga kechadigan kasalliklarni (“lablar shamollashi”) chaqiradi [2]. OGV-1 ko’pincha bolalikda yuqtiriladi va uning tarqalish darajasi yosh o’tishi bilan jadal oshib boradi. OGV-2, odatda, genitaliya sohasini shikastlaydi va u kamroq tarqalgan. 14-49 yoshli katta yoshdagi aholi orasida 47,8 foizi OGV-1 va 11,9% - 2-turdagi oddiy gerpes virusi bilan kasallangan [3]. OGV-1, odatda, og’iz atrofidagi sohani, OGV-2 esa – genitaliya sohasini shikastlashiga qaramay, har ikki turdagi viruslar har qanday joyda shikastlanishni chaqirishi mumkin [4]. Qayd etish kerakki, genital gerpesi kam hollarda uchraydi, biroq, garchi aholining kichik yoshdagi toifasida katta yoshdagilarga nisbatan kamroq tarqalgan bo’lsada, kichik yoshdagi bolalarda uchrashi mumkin [5].
Gerpesning simptomlari qanday?
Gerpes klinikasi odam virus bilan birinchi marta uchrashayotganligiga yoki qaytalanuvchi infeksiyaga uchraganligiga qarab farq qiladi. Shuningdek, simptomlar odam yoshiga va immun maqomiga, shikastlanish anatomik tarqalishiga va antigen virus turiga bog’liq bo’ladi.
OGV birlamchi yuqtirilgan holatda, odatda, bolalikda yuz beradi, infeksiya simptomatikasi virus ta’sir etganidan so’ng bir necha kun yoki haftadan keyin paydo bo’ladi va quyidagilar bilan birga kechadi:
- Og’izda, lab yoki milklarda, shuningdek og’iz atrofi sohalarida og’riqli qavariqlar yoki yaralar paydo bo’lishi (oral gerpesda – og’iz, lab yoki milklarda, shuningdek og’iz atrofi sohalarida; genital gerpesda – genitaliya yoki anus atrofida). Qavariqlar vaqt o’tishi bilan yorilishi va qobiq bilan qoplanishi mumkin;
- Isitma, tanada zirqiragan og’riq va o’zini yomon his qilish;
- Shikastlangan sohaga yaqin sohalarda limfatik tugunlar kattalashishi;
- Bosh og’rig’i;
- Charchash;
- Ishtaha yo’qolishi;
- Shikastlangan joyda sanchiqli og’riq.
Birlamchi infeksiya vaqtida rivojlanadigan qavariqlar yoki yaralar to’liq bitib ketishi uchun 6 haftagacha talab qilinishi mumkin. Ushbu qavariqlar to’liq bitib ketmagunigacha virus yuqtirishi mumkin [6].
OGV bilan yashayotgan ayrim odamlarda butun hayoti davomida kasallikning bir necha epizodlari bo’ladi, boshqa odamlarda esa har oyda yoki undan ham tez-tez simptomlar qaytarilishi (“qaytalanishlar”) kuzatilishi mumkin. Organizm birinchi aloqadan so’ng virusga ziddiy tana ishlab chiqarishni boshlashi tufayli takrorlanuvchi epizodlar vaqt o’tishi bilan kamroq uchraydi, simptomlar esa, odatda, kamroq ifodalangan bo’ladi va unchalik uzoq davom etmaydi. Masalan, qaytalanuvchi epizod vaqtida paydo bo’ladigan qavariqlar va yaralar kamroq sezilarli yoki og’riqli bo’lishi, shuningdek bir necha kun davomida butunlay bitib ketishi mumkin.
Ba’zan, odamlar navbatdagi qavariqlar paydo bo’lish joyida infeksiya qaytalanishi erta belgilarini sezishlari mumkin. Ushbu belgilar, odatda, shikastlanishlar paydo bo’lgungacha bir necha soat yoki kun davomida paydo bo’ladi va og’riq, qichishish, achitish va sanchiq hislarini o’z ichiga olishi mumkin [7].
Dastlabki simptomlarda virusga qarshi preparatlarni qabul qilish epizod oldini olishi yoki qisqartirishi mumkin – bu haqda batafsilroq ma’lumotlar quyida keltirilgan.
Gerpesni qanday davolash kerak?
Gerpesning dastlabki simptomlarida, birinchi navbatda, to’g’ri davolash taktikasini qabul qilish uchun o’z shifokori bilan suhbatlashish kerak. Xususan, infeksiyaning birlamchi epizodiga ega aksariyat odamlar dori preparatlarini qabul qilishga ehtiyoj sezadilar. Oldin gerpes bo’lgan yoki simptomlari kuchli ifodalanmagan odamlarda har doim ham biron-bir aralashuv talab qilinmaydi. Gerpesni davolashning quyidagi ikki turi bo’lishi mumkin:
● Organizmga gerpes virusiga qarshi kurashishda yordam beradigan preparatlarni qabul qilish. Bu “virusga qarshi preparatlar” deb ataladigan preparatlardan iborat. Ular simptomlarni kamaytiradi va ularning davom etish muddatini qisqartiradi. Agar ushbu dori preparatlarini qabul qilish simptomlar paydo bo’lganidan so’ng imkon darajada tezroq boshlansa, preparatlar eng yaxshi samara beradi [8].
●Simptomatik davolash, bu virusga ta’sir etmagan holda gerpes tufayli og’riqni va noqulaylikni kamaytirishga yordam beradi. U parasetamol va ibuprofen kabi og’riqsizlantiradigan va isitmani tushiradigan preparatlardan foydalanishni o’z ichiga oladi. Qayd etish kerakki, ushbu preparatlar og’ir darajali va uzoq muddatli qaytalanishlar bilan bog’liq bo’lgan og’riqni ham kamaytirishi mumkin [9]. Bundan tashqari, mahalliy og’riqsizlantiradigan preparatlar qo’llanishi yoki oddiy shikastlangan joyga muz qo’yish og’riqni kamaytirishga yordam berishi mumkin.
Afsuski, bugungi kunda gerpesni butunlay davolashi mumkin bo’lgan preparatlar yo’q. Agar odam gerpesni chaqiradigan virus yuqtirib olgan bo’lsa, ushbu gerpes organizmda butun umr davomida saqlanib qoladi.
Gerpesni yuqtirish xavfini qanday kamaytirish kerak?
Oddiy gerpes bilan bemor odam, hatto unda ko’zga ko’rinadigan toshmalar bo’lmagan holatda ham boshqalarga yuqtirishi mumkin. Biroq, baribir kasallikning faol simptomlari bo’lgan vaqtda infeksiyani tarqatish xavflari ko’proq. Shu tufayli, agar kimdadir OGV faol infeksiyasi bo’lsa, shikastlangan joyga qarab, quyidagilardan saqlaning: yaqin jismoniy aloqa (masalan, oral gerpesda o’pishish), shuningdek idishlar, kosa-piyolalar, lab uchun balzamlar yoki boshqa shaxsiy gigiyena vositalaridan birgalikda foydalanish. Genital gerpesda jinsiy infeksiyalar yuqtirilishini va unga tegishli barcha holatlarni o’z vaqtida profilaktika qilish kerak.
- G.J.,Mertz et al. Risk factors for the sexual transmission of genital herpes. Ann Intern Med. 1992 Feb 1;116(3):197-202.
- K.J.Lookeret al. Global and regional estimates of prevalent and incidentherpes simplex virus type 1 infections in 2012. PLoS One. 2015 Oct 28;10(10):e0140765.
- G. McQuillan et al. Prevalence of herpes simplex virus type 1 and type 2 in persons aged 14–49: United States, 2015–2016. NCHS Data Brief, no 304. February 2018 [internet publicatio
- Bjørn Grinde«Herpesviruses: latency and reactivation – viral strategies and host response».J Oral Microbiol. 2013; 5: 10.3402/jom.v5i0.22766
- R. Reading et al. Genital herpes in children under 11 years and investigations for sexual abuse.Archives of Disease in Childhood 2011;96:752-757.
- Dahlia Saleh; Siva Naga S. Yarrarapu; Sandeep Sharma.Herpes Simplex Type 1. LTreasure Island (FL): StatPearls Publishing; 2023 Jan-. Last Update: August 29, 2022.
- L. Corey et al. Genital Herpes. In: Holmes KK, Sparling PF, Stamm WE, et al. (editors). Sexually Transmitted Diseases. 4th ed. New York: McGraw-Hill; 2008: 399–437.
- Emmert D.H. Treatment of common cutaneous herpes simplex virus infections. Am Fam Physician. 2000 Mar 15;61(6):1697-706, 1708. Full text (https://www.aafp.org/afp/2000/0315/p1697.html) Abstract
- Gupta R., Warren T., Wald A. Genital herpes. Lancet. 2007 Dec 22;370(9605):2127-37.